UZ | RU | EN    

1 2
 
«Yanvar 2018»
DuSeChPaJuShYa
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    
       










Saytga ovoz bering

A'lo
Zo'r
Yaxshi
Bo'ladi
Bo'lmaydi
Natijalarni ko'rish
Davlat ramzlari







Ma'lumotlar

O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarni oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish tartibi to'g'risida NIZOM

2012-07-19 / 20:44
Vazirlar Mahkamasining
2012 yil "11" iyuldagi
205-son qaroriga
1-ilova
O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy
xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarni oliy ta'lim muassasalariga
qabul qilish tartibi to'g'risida
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1.    Ushbu Nizom "Ta'lim to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarni oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom oliy harbiy ta'lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2.    O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarni oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi ushbu Nizomda nazarda tutilmagan barcha holatlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to'g'risidagi Nizom asosida amalga oshiriladi.

3.    Oliy ta'lim muassasalariga O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarni o'qishga qabul qilish O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi (keyingi o'rinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko'ra to'plangan ballarning reyting tizimi bo'yicha amalga oshiriladi.

Tanlov abituriyentlar arizasida ko'rsatilgan har bir oliy ta'lim muassasasi bo'yicha ketma-ket ta'lim yo'nalishlari, o'qitish tillari va shakllariga ko'ra alohida o'tkaziladi.

II. Hujjatlarni qabul qilish


4.    O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab, harbiy qism qo'mondonligining tavsiyanomasiga ega bo'lgan va oliy ta'lim muassasasiga hujjat topshirayotgan fuqaroning (keyingi o'rinlarda abituriyent deb yuritiladi) o'qishga qabul qilish haqidagi arizasi oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham), O'zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

5.    Barcha oliy ta'lim muassasalari veb-sayti va oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari e'lonlar taxtasida ta'lim yo'nalishlarining ta'lim tili bo'yicha qabul kvotasi, oliy ta'lim muassasalarining bir ta'lim sohasiga tegishli ta'lim yo'nalishlari ro'yxati va test bo'yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi e'lon qilinadi.

6.    Abituriyent oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ta'lim yo'nalishi, o'quv tili va shakli ko'rsatilgan ariza;

o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini yoki o'rta ta'limni (11-sinf negizida) tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

harbiy qism qo'mondonligi tavsiyanomasining asl nusxasi;

086-U-shakl bo'yicha tibbiy ma'lumotnoma;

pasportning nusxasi;

harbiy guvohnoma nusxasi;

3.5 x 4.5 sm o'lchamli 6 ta rangli fotosurat;


belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasidan ko'chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo'lim abituriyentlari uchun).

Abituriyent tomonidan pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga shaxsan ko'rsatiladi.

7.    Ariza shakli O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Arizada:

oliy ta'lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma'lumoti yo'qligi;

qaysi chet tilidan test topshirishi;

harbiy qism qo'mondonligi tavsiyanomasining raqami;

test sinovlarini o'tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to'g'ri to'ldirish bilan tanishganligi;

birinchi va ikkinchi oliy ta'lim muassasasi hamda ta'lim yo'nalishi nomlari (bunda yo'nalish bo'yicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va ta'lim sohasi mos bo'lishi shart) kiritiladi.

Abituriyent arizada ikkinchi oliy ta'lim muassasasi sifatida birinchisini belgilab, undagi boshqa ta'lim yo'nalishini ko'rsatishga haqli (bunda yo'nalish bo'yicha test sinovlari topshiradigan fanlar majmuasi (bloki) va ta'lim sohasi mos bo'lishi shart).

Ikkinchi oliy ta'lim muassasasi sifatida belgilanishi mumkin bo'lgan oliy ta'lim muassasasi (ta'lim yo'nalishlari) ro'yxati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishgan holda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

8.    Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

9.    O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolarga harbiy qismlarning qo'mondonligi tomonidan oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab, uch yil mobaynida amal qiladi.

10.    Oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlar haqidagi ma'lumotlar birinchi va ikkinchi oliy ta'lim muassasasi ta'lim yo'nalishlari, o'quv shakli va tili ko'rsatilgan holda belgilangan shakllar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga kunduzgi va maxsus sirtqi bo'limlar uchun 21 iyulda taqdim etiladi.

III. Abituriyentlarni qabul qilish


11.    O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan, harbiy qismlar qo'mondonligining tavsiyanomalariga ega bo'lgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo'nalishlariga kirishda to'plash mumkin bo'lgan eng ko'p ballning 27 foizi miqdorida qo'shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

12.    Abituriyentning to'plagan ballari uning arizasida ko'rsatilgan birinchi oliy ta'lim muassasasi bo'yicha davlat granti yoki to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilishga yetarlicha bo'lgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu oliy ta'lim muassasasida e'lon qilinadi va unga arizasida ko'rsatilgan ikkinchi oliy ta'lim muassasasi ta'lim yo'nalishi bo'yicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

13.    O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan, ammo ular uchun imtiyozlar bo'yicha belgilangan qo'shimcha ballarni hisobga olgan holda birinchi oliy ta'lim muassasasi tanlovidan o'ta olmagan abituriyentlarning respublikadagi boshqa oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish to'g'risidagi arizalari test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Davlat komissiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi.

14.    Harbiy qism qo'mondonligining tavsiyanomasiga ega bo'lgan abituriyent birinchi oliy ta'lim muassasasida to'plagan balli bilan arizasida ko'rsatilgan ikkinchi oliy ta'lim muassasasi ta'lim yo'nalishida tanlovda ishtirok etadi va uning balli yetarlicha bo'lgan taqdirda fanlar bo'yicha topshirilgan test sinovlari fanlar to'plami (bloki) va abituriyent tomonidan to'plangan ballarga muvofiq belgilangan kvota doirasida to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilish Davlat komissiyasi qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Ushbu abituriyentning test sinovi natijalari uning arizasida ko'rsatilgan birinchi va (yoki) ikkinchi oliy ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan e'lon qilinadi.

15.Abituriyent o'z arizasida ko'rsatilgan ikkinchi oliy ta'lim muassasasi ta'lim yo'nalishi bo'yicha ham yetarlicha ball to'play olmagan taqdirda, unga mazkur va boshqa oliy ta'lim muassasasidagi boshqa ta'lim yo'nalishlarida qo'shimcha ravishda tanlovda ishtirok etishga ruxsat etilmaydi.

16.Abituriyentlar o'z arizasida ko'rsatilgan boshqa oliy ta'lim muassasasiga Davlat komissiyasining qaroriga binoan o'qishga qabul qilingan hollarda ularning hujjatlari bir oliy ta'lim muassasasidan ikkinchi oliy ta'lim muassasasiga taqdim etish uchun tilxat bilan abituriyentga beriladi.

Abituriyent hujjatlarni test sinovlari e'lon qilingan kundan keyin bir hafta muddatda olishi va ikki hafta muddatda o'qishga qabul qilingan oliy ta'lim muassasasiga taqdim etishi shart.

Uzrli sabablar bilan ko'rsatilgan muddatlarda taqdim etilmagan hujjatlar oliy ta'lim muassasasining bo'ysunuvi bo'yicha vazirliklar va idoralar tomonidan istisno tariqasida ko'rib chiqiladi.

IV. Yakunlovchi qoidalar


17.   Mazkur Nizomda belgilangan masalalar bo'yicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.

O'qildi: 844 | Reyting: 9.6 | Izohlar: 0


OO'Y reyting